Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-son Davolash fakulteti “Klinik farmakologiya” kafedrasi xodimlari tomonidan Yunusobod tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida ma’naviyat va ma’rifat ishlari doirasida navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Tadbirda texnikumning 3-bosqich o‘quvchilari ishtirok etishdi. Kafedra xodimlari tomonidan “Kamqonlik (anemiya)” va “Virusli gepatit” mavzularida ma’lumotlar berildi.
Kamqonlik (anemiya) — bu qonda gemoglobin va qizil qon tanachalari darajasining pasayishi bilan kechadigan holat bo‘lib, organizmda kislorod yetishmasligiga olib keladi. Uning asosiy belgilari: zaiflik, bosh aylanishi, terining oqarishi, nafas qisishi va charchoqdir. Kamqonlikning asosiy sabablari temir tanqisligi va vitamin B12 yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin. Davolash esa sabablarga bog‘liq ravishda to‘g‘ri ovqatlanish (dietoterapiya), temir preparatlari va zarur hollarda boshqa dori vositalarini qabul qilishni o‘z ichiga oladi.
Virusli gepatit — A, B, C, D va E turdagi viruslar orqali yuzaga keladigan jigar yallig‘lanishidir. Bu kasallik o‘tkir yoki surunkali shaklda kechishi mumkin. Belgilari: zaiflik, ko‘ngil aynishi, sariqlik, qorin og‘rig‘i. Davolash virus turiga qarab o‘zgaradi: ba’zi holatlarda antiviral terapiya talab etiladi. Gepatit A va B turlariga qarshi emlash esa kasallikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida mavzuga oid misollar, savol-javoblar va erkin mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar uchun slaydlar va tarqatma materiallar taqdim etildi.














