2025-yil aprel oyida Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-son davolash fakulteti Klinik farmakologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumiga tashrif buyurdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – texnikumning 3-kurs o‘quvchilarini tibbiyot sohasi, xususan Toshkent tibbiyot akademiyasida ta’lim olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ularni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishdan iborat bo‘ldi.
Kafedra o‘qituvchilari tomonidan Toshkent tibbiyot akademiyasining tarixi, faoliyati, mavjud fakultetlar – 1- va 2-son davolash, pediatriya, stomatologiya, xalq tabobati, tibbiy pedagogika , tibbiy profilaktika, jamoat salomatligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, farmatsiya, tibbiy biologiya, tibbiyot muhandisligi, oliy ma’lumotli hamshiralik, menejment va xalqaro yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida Klinik farmakologiya kafedrasi faoliyati, TTAda qo‘llanilayotgan innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalar, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, amaliyot imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritildi. Tadbir davomida slaydlar va tarqatma materiallar orqali taqdimotlar o‘tkazildi, mavzuga oid savol-javoblar, fikr almashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida quyidagi qarorlar qabul qilindi:
-
TTA 2-son davolash fakulteti Klinik farmakologiya kafedrasi bilan hamkorlikda texnikum o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish;
-
Texnikum psixologi tomonidan o‘quvchilarning qiziqishlariga mos holda to‘g‘ri kasb tanlashlari uchun trening va testlar tashkil etish.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar orasida tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim qadam bo‘ldi.














