Millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik

2026-yil 30-mart kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti Klinik farmakologiya kafedrasida XF 22-01, XF 22-13 va XF 22-12 guruh talabalari ishtirokida “Millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kafedraning professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar.

Tadbir xalqaro fakultetga mas’ul Tulyaganova N.Z.ning kirish so‘zi bilan boshlandi. Unda bugungi kunda turli millat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, bag‘rikenglik va o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, xorijiy talabalar bilan birgalikda tahsil olish madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan turli mamlakatlarning tarixi, milliy an’analari, urf-odatlari, milliy taomlari va mashhur olimlari haqida tayyorlangan taqdimotlar namoyish etildi. Ayrim talabalar milliy kiyim elementlarini taqdim etib, tadbirning yanada qiziqarli va mazmunli o‘tishiga hissa qo‘shdilar.

Yakunda ushbu tadbir talabalarda millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat va diniy bag‘rikenglik tushunchalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.

   

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.