2026-yil 22-aprel kuni Toshkent Davlat tibbiyot universiteti Klinik farmakologiya kafedrasi tomonidan 510, 523 va 509-guruh talabalari ishtirokida “Islom sivilizatsiya markazi”ga ma’naviy-ma’rifiy tashrif tashkil etildi. Tadbir kafedra mudiri A.V. Yakubov rahbarligida o‘tkazildi.
Tashrif davomida talabalar markazning zamonaviy va ulug‘vor me’moriy yechimi, milliy an’analar bilan uyg‘unlashgan dizayni hamda boy tarixiy-ma’naviy mazmuni bilan yaqindan tanishdilar. Majmua uch qavatdan iborat bo‘lib, ulkan gumbaz va peshtoqlar bilan bezatilgan.
Ekskursiya jarayonida Qur’oni karim zali, qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy manbalar bilan tanishildi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, temuriylar kabi sulolalar davriga oid nodir asarlar namoyish etildi.
Markaz ekspozitsiyalarida buyuk alloma va mutafakkirlar — Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ajdodlarimizning ilmiy merosi keng yoritilgan. Shu bilan birga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ulamolarning ma’rifat yo‘lidagi xizmatlari alohida ta’kidlangan.
Tashrif davomida talabalar milliy va diniy qadriyatlar, ilm-fan va ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘ldilar. Mazkur tadbir talabalarning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi.












