Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan farzandlarimizning munosib kamol topishida o‘qituvchi va murabbiylarimizning hissasi beqiyos ekanini ta’kidlash lozim. Ustozsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Dunyoda ustozning mehnatidan og‘ir mehnat yo‘q. Hech narsani bilmaydigan yosh bolaga o‘qish-yozishni o‘rgatguncha chekiladigan mashaqqatni gapirmasak ham bo‘ladi. Jamiyatda pedagoglarning mavqeini yanada yuksaltirish, yosh avlodga chuqur bilim berishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida izchil sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda 1997 yildan buyon 1-oktyabrning O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanayotgani muallim zotiga ko‘rsatilgan hurmat-ehtiromning yuksak namunasidir. O‘qituvchining vazifasi dono davlat rahbari vazifasiga o‘xshaydi, shu sababli o‘qituvchi eshitgan va ko‘rganlarining barchasini eslab qolishi, aql-farosatga, chiroyli nutqga ega bo‘lishi, o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrini to‘la va aniq ifodalay olishi lozim. Shu bilan birga o‘zi or-nomusini qadrlash, adolatli bo‘lishi lozim. Ana shundagina u insoniylikning yuksak darajasiga ega bo‘ladi va baxt cho‘qqisiga erishadi.